O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoy va Braziliyada o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan kuchli yog‘ingarchiliklar yuzasidan hamdardlik yo‘lladi.

“Halokatli oqibatlar haqidagi xabarlarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik”, — deb yozadi TIV rahbari Baxtiyor Saidov.

O‘zbekiston TIV qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.

Braziliyada yomg‘irlar 29-aprel kuni boshlangandi. Qayd etilishicha, suv toshqinlari oqibatida 29 kishi halok bo‘lgan, 60 kishi bedarak yo‘qolgan.

Shuningdek, o‘n minglab odamlar uy-joysiz qolgan, yana yuz minglab iste’molchi suv va elektrdan uzilib qolgan.

Xitoyda esa yirik suv toshqinlari aprel oyining uchinchi o‘n kunligida ro‘y bergan. Mamlakat janubidagi Guandun provinsiyasida kuchli yog‘ingarchiliklar sabab rasmiylar mamlakatning eng zich joylashgan hududidagi 110 ming aholini evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan.

Foto: VCGFoto: VCG

Bir necha kishi hodisalar ortidan halok bo‘lgan va harohatlangan. Toshqinning jami zarari 140 million yuandan (19 million AQSh dollari) oshib ketgan.